«Liverpul» sardori Virjil van Deyk yozgi transfer oynasida klubni tark etmaydi. Jurnalist Jeyms Pirsning xabar berishicha, 34 yoshli himoyachi ayni damda ta’tilda bo‘lib, yaqinda yangi bosh murabbiy Andoni Iraola qo‘l ostidagi mavsumoldi tayyorgarlik mashg‘ulotlariga qaytadi. Murabbiy 2026/2027 yilgi mavsumda niderlandiyalik futbolchiga to‘liq ishonch bildirmoqda.
Manba bergan ma’lumotlarga ko‘ra, «Liverpul» futbolchi bo‘yicha tushadigan takliflarni ko‘rib chiqishi mumkinligi haqidagi taxminlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Van Deyk mersisaydliklar sharafini 2018 yilning yanvaridan beri himoya qilib kelmoqda. Yakunlangan mavsumda u barcha turnirlarda 55 ta o‘yinda maydonga tushib, 8 ta gol urdi va 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Himoyachining klub bilan amaldagi shartnomasi 2027 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan.
Van Deyk «Liverpul» mudofaa chizig‘ining asosiy figurasi bo‘lib qolmoqda. Uning boy tajribasi va yetakchilik fazilatlari jamoa boshqaruvidagi debyut mavsumini boshlayotgan Iraola uchun juda asqotadi.













