«Liverpul» «Almeriya»ning hujumkor yarim himoyachisi Serxio Arribasga qiziqish bildirmoqda. ideal.es portali bergan ma’lumotlarga ko‘ra, ingliz klubi bir necha haftadan beri 24 yoshli futbolchi atrofidagi vaziyatni kuzatib kelayotgan Lissabonning «Sporting» klubiga sherik bo‘ldi.
Arribas «Almeriya» tarkibida sermahsul mavsumni o‘tkazdi. U barcha turnirlarda jami 46 ta uchrashuvda maydonga tushib, 26 ta gol urdi va 7 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Hozircha «Almeriya» rasmiy taklif olgani yo‘q.
Arribas «Real Madrid» akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi, biroq asosiy jamoada o‘yin amaliyoti yetishmagani sababli 2023 yilda «Almeriya»ga o‘tgan edi. Ta’kidlash joizki, Madrid klubi futbolchining keyingi transfer summasidan 50% ulush olish huquqiga ega.













