«Liverpul»ning sobiq yarim himoyachisi Tyago Alkantara murabbiylar shtabi a’zosi sifatida klubga qaytish imkoniyatini ko‘rib chiqmayotganini ma’lum qildi. 2024 yilda futbolchilik faoliyatini yakunlagan ispaniyalik sobiq o‘yinchi avvalroq «Enfild»ga qaytishi mumkinligi haqidagi mish-mishlarda tez-tez tilga olinayotgan edi.
«Yo‘q, menda lisenziyalar yo‘q. Murabbiylik malakam hali yetarli emas», — deya ta’kidladi Alkantara Rio Ferdinandning podkastida.
Shu bilan birga, u o‘qishni davom ettirayotgani va zarur hujjatlarni olish ustida ishlayotganini qo‘shimcha qildi:
«Hozir ayni o‘sha maqsad sari yo‘ldaman».
Bu vaqtda esa «Liverpul» rulida Arne Slotning o‘rnini egallagan Andoni Iraolaning yordamchilari ro‘yxati shakllantirib bo‘lindi. O‘tgan haftada klub bir nechta tayinlovlarni rasman tasdiqladi. Ular qatoridan «Bornmut»dan kelgan Tommi Elfik va Shon Kuper, shuningdek, assistent Pablo de la Torre hamda tahlilchi Tom Uebber joy olgan.













