«Manchester Yunayted» klubi jamoada yanada balanslashtirilgan maosh tizimini joriy etish ustida ishlayotgani sababli, hujumchi Markus Reshforddan maoshini kamaytirishga rozilik berishini talab qilishi mumkin. Aks holda, uning jamoaga qaytishi so‘roq ostida qoladi. Amaldagi shartnomaga ko‘ra, angliyalik futbolchi haftasiga 325 ming funt sterling (380 ming yevro) maosh olmoqda. Bu haqda Manchester Evening News nashriga tayangan holda Goal portali xabar berdi.
Manbaning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, «qizil iblislar» Reshfordning maoshini tushirish maqsadida u bilan yangi mehnat shartnomasi imzolanishiga ehtiyoj sezishlari mumkin. Ta’kidlanishicha, «Manchester Yunayted» rahbariyati hujumchining hozirgi maoshini saqlab qolish jamoa ichida kelishmovchiliklarga sabab bo‘lishidan xavsiramoqda. Bu holat boshqa futbolchilarni ham o‘z maoshlarini 28 yoshli vinger darajasigacha ko‘tarishni talab qilishga undashi mumkin.
Reshford «Manchester Yunayted» klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Futbolchining klub bilan amaldagi shartnomasi 2028 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan. Ortda qolgan mavsumni u ijara asosida «Barselona» tarkibida o‘tkazdi.













