AQSH prezidenti Donald Tramp Jahon chempionati–2026 1/8 finalidagi Meksika — Angliya uchrashuvi haqida fikr bildirdi hamda angliyaliklar sardori Harri Keynning o‘yinini yuqori baholadi.
«Kecha kechqurun o‘yinni tomosha qildim. Meksika va Angliya o‘rtasida qanday ajoyib bahs bo‘ldi! Rostini aytsam, bu ikki jamoa o‘yinchilarining ko‘pini tanimayman. Lekin Keyn ajoyib futbolchi, deb o‘ylayman. Bilasizmi, men u bilan golf ham o‘ynaganman. U menga juda yoqadi, yaxshi golfchi ham. Ammo eng muhimi, u haqiqatan ham juda kuchli futbolchi. O‘yinni tomosha qildim va... uni ko‘rish uchun alohida sababim yo‘q edi, ammo bahsdan ko‘z uzishning iloji bo‘lmadi», — dedi Tramp.
Jahon chempionati 1/8 finalida Angliya Meksikani 3:2 hisobida mag‘lub etdi. Mexikodagi «Asteka» stadionida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Jud Bellingemning dubli evaziga angliyaliklar ikki to‘plik ustunlikka erishgandi. Biroq 54-daqiqada Jarrell Kuansa maydondan chetlatilgach, jamoa bir kishi kam bo‘lib qoldi. Shunga qaramay, Tomas Tuxel shogirdlari 80 ming nafar mahalliy muxlislar qarshisida g‘alabani saqlab qolib, chorak finalga yo‘l oldi. Endi Angliya Norvegiyaga qarshi maydonga tushadi.
Harri Keyn uchrashuvning asosiy qahramonlaridan biri bo‘ldi. U avval Bellingemning goliga assist berdi, keyin esa penaltini aniq amalga oshirdi. Biroq keyinchalik o‘z jarima maydonida qoidabuzarlik qilib, raqibga 11 metrli jarima zarbasini ham «sovg‘a qildi». G‘alaba nishonlanganidan keyin Keyn ovozini butunlay yo‘qotib qo‘ydi va uchrashuvdan keyingi intervyuni qattiq xirillagan holda berdi.













