«Fenerbaxche» hujumchi Meyson Grinvudning transferi borasida «Marsel» bilan kelishuvga erishdi. Kelishuv summasi 45 million yevroni tashkil etadi, yana 5 million yevro esa bonuslar ko‘rinishida ko‘zda tutilgan, deya xabar bermoqda Fanatik.
Manbaning xabariga ko‘ra, transfer qiymatining asosiy qismi Fransiya klubiga bo‘lib-bo‘lib to‘lanadi. 23 yoshli ingliz futbolchisi bilan yillik maoshi 11 million yevro bo‘lgan to‘rt yillik shartnoma kelishib olingan. Futbolchi shartnoma imzolash uchun hafta oxirigacha Istanbulga yetib kelishi, shundan so‘ng darhol jamoaning Avstriyadagi yig‘iniga yo‘l olishi kutilmoqda.
Grinvud 2024 yilning yozida «Manchester Yunayted»dan «Marsel»ga o‘tgan edi. Yakunlangan mavsumda u barcha musobaqalarda 45 ta o‘yinda maydonga tushib, 26 ta gol urdi va 11 ta golli uzatmani amalga oshirdi.













