Dortmundning «Borussiya» klubi himoyachisi Yulian Ryuerson faoliyatini Angliyada davom ettirishi mumkin.
Bild nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, «Manchester Yunayted» futbolchini sotib olishga qiziqish bildirmoqda. «Qizil iblislar» norvegiyalik o‘yinchining transferi bo‘yicha Germaniya klubi bilan allaqachon aloqaga chiqishgan. «Asalarilar» himoyachini 30 million yevrodan kamiga qo‘yib yuborishga tayyor emaslar.
Yulian Ryuerson 2023 yilda Berlinning «Union» klubidan Dortmundning «Borussiya» jamoasiga 5 million yevro evaziga o‘tgan edi. Uning shartnomasi 2028 yilning 30 iyuniga qadar mo‘ljallangan.
2025/26 yilgi mavsumda himoyachi «asalarilar» safinda barcha turnirlarda 42 ta o‘yin o‘tkazib, 18 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Transfermarkt portali norvegiyalik futbolchining qiymatini 25 million yevroga baholamoqda.













