«Real» va Belgiya terma jamoasi darvozaboni Tibo Kurtua 2026 yilgi jahon chempionatidan so‘ng milliy jamoadagi faoliyatini yakunlashi mumkinligini tasdiqladi.
«Ketish ehtimolim qolish ehtimolimdan ko‘ra yuqoriroq. Biz ko‘plab baxtli lahzalarni boshdan kechirdik, ammo jismoniy holatim sababli bu yo‘lda davom eta olaman deb o‘ylamayman», — deya Kurtuaning so‘zlarini keltiradi L’Équipe.
Kurtua 2011 yildan beri Belgiya terma jamoasi sharafini himoya qilib keladi. 34 yoshli posbon bu vaqt ichida terma jamoa safida 114 ta o‘yinda maydonga tushib, 57 tasida darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan.
Eslatib o‘tamiz, 10 iyul kuni belgiyaliklar 2026 yilgi jahon chempionati chorak finalida Ispaniya terma jamoasiga qarshi bahs olib boradi. O‘yin Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da boshlanadi.













