«Inter» bosh murabbiyi Kristian Kivu jamoa A Seriya va Italiya Kubogidagi g‘alabalardan so‘ng to‘xtab qolmoqchi emasligini ma’lum qildi. Murabbiyning so‘zlariga ko‘ra, milanliklar barcha turnirlarda raqobatbardosh bo‘lishni va rivojlanishda davom etishni istashadi.
«Hozir eng muhimi – motivasiya, chunki bizning ambisiyalarimizni va keyingi maqsadlarimizni inobatga olsak, u hech qachon yetarli bo‘lmaydi. O‘tgan mavsum ajoyib o‘tdi, ammo biz to‘xtab qolmoqchi emasmiz», – deya Kivuning so‘zlarini keltiradi Football Italia.
«Biz hech kimdan qo‘rqmaymiz. Men faqat o‘zimga nimadir isbotlashim kerak. Bu futbolchilar oldida hamon katta mas’uliyat his qilyapman. O‘tgan mavsumda ikkita sovrin yutgan bo‘lsak ham, biz doimo hammasini yangidan boshlaymiz».
Bir nechta tajribali o‘yinchilar ketganidan so‘ng, murabbiy yangilangan tarkib yuqori saviyani saqlab qolishga qodir ekanini ta’kidladi.
«Biz klub tarixiga kirgan futbolchilarni yo‘qotdik va ularga minnatdorchilik bildiramiz. Endi bizda yoshlik va tajriba uyg‘unligi mavjud. Tarkibimiz raqobatbardosh. Biz jasoratli va intensiv o‘yin ko‘rsatishni istaymiz, bahonalar izlamaymiz».
A Seriyaning yangi mavsumi 22 avgust kuni boshlanadi.













