AQSH Federal qidiruv byurosi (FQB) hamda FIFA 2026 yilgi Jahon chempionatining Argentina va Angliya terma jamoalari o‘rtasidagi yarim final uchrashuvini yuqori xavfli toifadagi bahs sifatida baholadi. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.
Uchrashuv 15 iyul kuni AQSHning Atlanta shahrida bo‘lib o‘tadi. Xavfsizlik choralarini kuchaytirish maqsadida stadionda Argentina va Angliya muxlislari uchun alohida kirish yo‘laklari tashkil etiladi. Shu bilan birga, stadion ichida muxlislar sektorlar bo‘yicha ajratilmaydi.
Mazkur uchrashuv g‘olibi Jahon chempionati finalida Ispaniya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Hal qiluvchi bahs 19 iyul kuni AQSHning Nyu-Jersidagi “Metlayf” stadionida bo‘lib o‘tadi.
Jamoalar Atlanta shahridagi stadionda xalqaro futbolning eng murosasiz qarama-qarshiliklaridan birini yana davom ettiradi. Angliya amaldagi Jahon chempioni Argentinani mag‘lub etib, 1966 yildan buyon ilk bor Jahon chempionati finaliga chiqishni maqsad qilgan.
Atlanta polisiyasi ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy ziddiyatlarni inobatga olganini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, Folklend orollari Argentina va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi bahsli hudud hisoblanadi. Ikki davlat o‘rtasidagi qurolli mojaro 1982 yil 2 aprelda boshlanib, 14 iyun kuni Argentinaning mag‘lubiyati bilan yakunlangan.
Buyuk Britaniya va Argentina Folklend (Argentinada Malvin orollari deb ataladi) orollari uchun 74 kun davom etgan urush olib borgan. Mojaro oqibatida 649 nafar argentinalik harbiy, 255 nafar britaniyalik harbiy va uch nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgan. Orollar suvereniteti masalasi hanuzgacha ikki davlat o‘rtasidagi bahsli mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda.













