Fransiya terma jamoasining JCH-2026 yarimfinalida Ispaniyadan uchralgan mag‘lubiyatidan (0:2) so‘ng, mamlakatning bir qator shaharlarida ommaviy tartibsizliklar yuz berdi. Parij, uning atrofi hamda Lionda 200 ga yaqin kishi qo‘lga olindi. Bu haqda RMC Sport nashri xabar bermoqda.
Parijda polisiya tartibsizliklar tufayli 141 kishini hibsga oldi. Qo‘lga olishlarga asosan pirotexnika vositalaridan noqonuniy foydalanish sabab bo‘lgan.
Lion shahrida esa vaziyat ancha jiddiy tus oldi: bezorilar polisiyachilarga qarata feerverklar (salyut) otdi, yakunda tartibsizliklar to‘qnashuvga aylanib ketdi. Polisiya olomonni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llagan. Voqealar oqibatida bir kishi o‘qotar quroldan yaralangan, to‘rt nafar qonunbuzar qo‘lga olingan. Hozirda boshqa aybdorlarni qidirish ishlari davom etmoqda.
Grenobl shahrida esa fojia yuz berdi — 49 yoshli erkak otib o‘ldirildi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, u bar terrassasida Fransiya — Ispaniya uchrashuvini tomosha qilayotganida, noma’lum shaxslar unga yaqinlashib o‘q uzgan.
Mahalliy OAV ushbu qotillikni futbolga aloqador emas, balki jinoiy guruhlar o‘rtasidagi o‘zaro nizo deb baholamoqda. Voqea joyiga yetib kelgan shifokorlar jabrlanuvchining yuragi to‘xtab qolganini aniqladi. Ko‘rsatilgan tez tibbiy yordamga qaramay, erkakning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmadi.













