Jahon chempionati finalida Argentina ustidan g‘alaba (1:0) qozongan Ispaniya terma jamoasi Madridga qaytib keldi. Mamlakat poytaxti ko‘chalarida chempionlarni 1,8 milliondan ko‘p kishi kutib oldi. 26 nafar futbolchi va murabbiylar shtabi a’zolari dastlab qirol oilasi vakillari, so‘ngra Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches bilan uchrashdi. Bosh vazir jamoaga chiroyli o‘yin uslubi va g‘alaba uchun minnatdorchilik bildirdi.
Shundan so‘ng, jamoa usti ochiq avtobusda Madrid markazi bo‘ylab harakatlandi. Avtobusga futbolchilarning suratlari tushirilgan va “Yulduzlar birgalikda porlaydi” degan yozuv ilingan edi. “Biz — chempionmiz” yozuvli futbolkalarni kiyib olgan o‘yinchilar yo‘l davomida muxlislar bilan g‘alabani nishonladi. Parad hukumat rahbarining qarorgohi bo‘lmish Monkloa saroyi yaqinidan boshlanib, an’anaviy g‘alabalar nishonlanadigan Sibeles maydoniga qadar davom etdi. Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, tadbir uchun maydonga 120 mingga yaqin odam yig‘ilgan.
Tadbir davomida har bir futbolchi sahnaga o‘zi tanlagan musiqa sadosi ostida birin-ketin chiqib keldi. Shu kuni o‘zining 25 yoshini nishonlayotgan Aleks Baena sahnaga Jahon kubogini ko‘tarib chiqqan bo‘lsa, hujumchi Borxa Iglesias tadbirning ma’lum bir qismida DJ vazifasini bajardi. Shuningdek, sahnada Aitana, Ana Mena va Lola Indigo kabi mahalliy xonandalar chiqish qilgan.
Tantanalar butun mamlakat bo‘ylab tonggacha davom etganiga qaramay, nishonlash tadbirlari vaqtida ko‘ngilsiz hodisa ham yuz berdi. Mahalliy hukumatning xabar berishicha, Madridning shimoli-g‘arbidagi Salamanka shahrida g‘alabani nishonlash maqsadida do‘stlari bilan favvora ustiga chiqqan 13 yoshli o‘smir inshootning qulab tushishi oqibatida halok bo‘lgan.













