Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/07 20:00 Mash’al 1-1 Nasaf
22/07 20:00 Lokomotiv 3-3 Andijon
22/07 20:00 Qo‘qon-1912 1-4 OKMK
23/07 20:00 Surxon - Dinamo
23/07 20:00 Navbahor - Qizilqum

Tramp FIFA prezidentini BMT bosh kotibi qilmoqchi — NYP

Tramp FIFA prezidentini BMT bosh kotibi qilmoqchi — NYP

Baho:
+ | -
Bo'lim: JAHON FUTBOLI
Rukn: Yangiliklar

AQSH prezidenti Donald Tramp FIFA rahbari Janni Infantino BMTning navbatdagi bosh kotibi bo‘lishini istaydi. Bu haqda New York Post xabar berdi.

56 yoshli Infantino bu yilgi Jahon chempionatini tashkillashtirish jarayonida Tramp bilan yaqin aloqada bo‘ldi. Shveysariyada tug‘ilgan Infantino prezident e’tiborini tortishga va uning davrasiga qo‘shilishga harakat qildi, hatto dekabr oyida Trampga FIFA’ning ilk “Tinchlik mukofoti” ni topshirdi.

“Trampning fikricha, Infantino dunyo bo‘ylab hurmat qozongan va odamlarni birlashtirish bo‘yicha alohida qobiliyatga ega”, dedi prezidentga yaqin manba NYP nashriga.

Dekabr oyi oxirida BMTning amaldagi bosh kotibi portugaliyalik Antoniu Guterrish iste’foga chiqadi, uning o‘rniga joriy yilda navbatdagi bosh kotib saylanadi. Ushbu lavozimni egallash uchun Infantino 15 a’zodan iborat Xavfsizlik Kengashining qo‘llab-quvvatlashini va undan so‘ng Bosh Assambleya tasdig‘ini olishi kerak. Kengashdagi beshta doimiy a’zo (Rossiya, Xitoy, Fransiya, Buyuk Britaniya va AQSH) veto huquqiga ega. Infantinoning o‘zi bu lavozimni xohlayaptimi va Tramp bilan bu borada muhokama olib borganmi noma’lum.

BMT bosh kotibligiga eng mashhur da’vogarlar orasida AQSH qarshiligiga duch kelishi mumkin bo‘lgan Chili sobiq prezidenti Mishel Bachelet va bahsli Folklend orollari sababli Buyuk Britaniya qarshiligiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan Atom energetikasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE)ning amaldagi bosh direktori, argentinalik Rafael Grossi bor.

Trampning global hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili sifatida ishlayotgan diplomat Paolo Zampolli FIFA prezidentining nomzodini qo‘llab-quvvatladi. U Infantino “bu ishni a’lo darajada uddalashi” va “hammaga yoqishi”ni ta’kidladi.

“FIFA prezidenti va BMT bosh kotibi o‘rtasida ba’zi o‘xshashliklar bor. Birlashgan Millatlar Tashkilotida siz 193 ta a’zo davlat bilan ishlaysiz. FIFA’da esa 200 dan ortiq a’zo bor va Janni o‘zining ajoyib faoliyati bilan qanday boshqarishini ko‘rsatib turibdi”, dedi Infantinoning do‘sti va Dominikaning BMTdagi sobiq elchisi bo‘lgan Zampolli.

U o‘tgan dam olish kunlari Nyu Jersida bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati finalida Infantino bilan birga bo‘lgan. Biroq BMT bosh kotibligiga nomzodlik borasida muhokama olib borilmaganini aytdi.


Infantinoning lavozimga tayinlanishi Trampning BMT bilan munosabatlarini yaxshilashi mumkin. Sababi AQSH rahbari tashkilotni yirik nizolarni hal etishda harakatsizligidan g‘azablanib, Tinchlik kengashini tuzgandi. 2025 yili Oq uyga qaytganidan beri Tramp AQSHning BMTga ajratadigan mablag‘ini keskin qisqartirdi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, YUNESKO hamda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashidan chiqib ketdi.

Maoshlar orasidagi farq

Biroq Infantino BMT bosh kotibi bo‘lsa, bu FIFA’dan oladigan yiliga taxminan 6 million dollarlik daromadining keskin qisqarishini anglatadi. Bosh kotibning yaqinda e’lon qilingan maoshi esa taxminan 418 000 dollarni tashkil etgan. Infantino FIFA prezidentligiga qayta saylanish uchun o‘z nomzodini ko‘rsatgan. Ushbu tanlov jarayoni 2027 yilning mart oyida bo‘lib o‘tadi.

Tramp va Infantinoning JCHdagi aralashuvi

Infantino garchi FIFA’ga a’zo 211 ta assosiasiyaning deyarli barchasidan qayta saylanish uchun qo‘llab-quvvatlov olgan bo‘lsa-da, AQSH manfaatlarini ko‘zlab, Balogunning diskvalifikasiyasini vaqtincha to‘xtatgani e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Tramp AQSH terma jamoasi hujumchisi Folarin Balogunning diskvalifikasiyasini to‘xtatishni so‘rab, Janni Infantinoga qo‘ng‘iroq qilgan va bunga erishgandi.

Mazkur harakat Yevropa davlatlarini g‘azablantirgan, ammo AQSH milliy jamoasining Belgiyaga mag‘lubiyati vaziyatni yumshatgan. Shunga qaramay, 2022 yilgi Jahon chempionatini Qatarga topshirishdagi poraxo‘rlik mojarosiga uchragan FIFA sobiq prezidenti Sepp Blatter ham Infantino lavozimidan chetlatilishini talab qilayotganlar qatoridadir.

Manba: daryo.uz
Kiritildi: 11:48, 22.07.2026.
O'qildi: 405 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.


счётчик