Italiya futbol federasiyasi prezidenti Jovanni Malago ispaniyalik mutaxassis Xosep Gvardiola bilan terma jamoa bosh murabbiyligi borasida muzokaralar olib borilganini tasdiqladi.
“Bu albatta amalga oshadi degani emas, lekin muloqotni boshlash va uni davom ettirish to‘g‘ri hamda muhim qadam bo‘ldi deb hisoblayman. Bu boshqa nomzodlarga nisbatan hurmatsizlik emas, axir ular bilan allaqachon muzokaralar boshlangan. Ammo ro‘yxatda yana bir nomning bo‘lishi har qanday holatda ham ortiqchalik qilmaydi”, deya Malagoning so‘zlarini keltirmoqda ANCA agentligi.
Italiya futbol federasiyasi rahbari bosh murabbiylik uchun asosiy nomzodlar qatorida Andrea Pirlo va Roberto Manchini ham borligini tasdiqladi.
Eslatib o‘tamiz, Italiya terma jamoasi 2026-yilgi Jahon chempionati final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kirita olmadi. Ushbu muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng bosh murabbiy Jennaro Gattuzo o‘z lavozimini tark etdi. Shuningdek, Italiya futbol federasiyasi prezidenti Gabriyele Gravina ham iste’foga chiqdi va uning o‘rnini Malago egalladi.
Ma’lumot uchun, 2016-yilning yozidan buyon “Manchester Siti”ni boshqarib kelgan Gvardiola 2025/2026-yilgi mavsum yakunida jamoani tark etdi. Mutaxassis avvalroq hozircha murabbiylik ishiga qaytish niyatida emasligini bildirgan edi.













