Angliyaning «Arsenal» klubi yangi yarim himoyachisi Xristos Solis Premyer-liga darajasi haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Solis 2021 yildan 2024 yilgacha «Norvich Siti» futbolchisi bo‘lgan. Uning oxirgi klubi Belgiyaning «Bryugge» jamoasi edi.
«Premyer-liga darajasini kam-ko‘p bilaman, deb ayta olaman. Bu dunyodagi eng kuchli liga ekanini bilaman. Albatta, «Norvich» va «Arsenal»ning o‘yini o‘rtasida farq bor, o‘ylashimcha, «Arsenal»da to‘pga ko‘proq egalik qilasiz. Shu sababli biz boshqa jamoalarga qaraganda ko‘proq hujum qilamiz. Bu juda jismoniy kuch talab qiladigan liga va o‘yin darajasi juda yuqori, shuning uchun men bunga tayyorman. Chempionlar ligasida ham daraja ancha yuqori, shuning uchun bu yerda, Premyer-ligadagi har bir o‘yin Chempionlar ligasi bahslariga o‘xshaydi, deb hisoblayman.
Men futbol tomosha qilishni yaxshi ko‘raman, Premyer-liga va «Arsenal» haqida hamma narsani bilaman. Bu yil juda ko‘p o‘yinlarni tomosha qildim, ayniqsa, siz aytganingizdek, bir-birimizga qarshi o‘tkazgan o‘yinlarimiz yodimda qolgan. O‘zimizning stadionda 0:3 hisobida yutqazgandik. Aytishim mumkinki, bu men hozirgacha qarshi o‘ynagan jamoalar ichida hujumda eng murakkab raqib bo‘lgan. Biz boshqa kuchli jamoalarga qarshi ham o‘ynaganmiz, lekin aynan «Arsenal»ga qarshi o‘yinda aniq golli vaziyatlar yaratish biz uchun eng qiyini bo‘lgan. Vaziyatlarimiz bo‘ldi, lekin juda xavfli emas edi. Ular ham juda samarali harakat qilib, uchta ajoyib gol urishdi, yakunda natija adolatli bo‘ldi», — dedi Solis «Arsenal» rasmiy saytiga.
2025 yilning dekabrida «Arsenal» Chempionlar ligasi umumiy bosqichi doirasidagi o‘yinda «Bryugge»ni 3:0 hisobida mag‘lub etgan edi.













