Angliyaning «Bornmut» klubi Argentinaning «Boka Xuniors» jamoasi yarim himoyachisi Milton Delgadoga qiziqish bildirmoqda. 21 yoshli futbolchi qishki transfer oynasida jamoaning asosiy nishoniga aylanishi mumkin.
Jurnalist Pablo Oliveyraning ma’lumotlariga ko‘ra, «Bornmut» argentinalik futbolchini diqqat bilan kuzatmoqda va yanvarda taklif yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Narxi 10–15 million yevroga baholanayotgan Delgado yuqori sermahsulligi bilan ajralib turmasa-da, himoyadagi mehnatkashligi, futbol intellekti va maydon markazidagi erkin harakatlari uchun yuqori baholanadi.
Delgadoga bo‘lgan qiziqish 2025 yilgi yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionatidan so‘ng keskin oshdi. U Argentina terma jamoasi safida turnir finaligacha yetib bordi va musobaqaning eng yaxshi futbolchilaridan biri sifatida «Bronza to‘p»ni qo‘lga kiritdi.













