Germaniya milliy terma jamoasining yangi bosh murabbiyi Yurgen Klopp tayinlovdan keyingi ilk fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Kloppning bosh murabbiy sifatidagi so‘nggi ish joyi 2015–2024 yillarda boshqargan «Liverpul» klubi bo‘lgan. 59 yoshli mutaxassis keyingi vaqtda «Red Bull» kompaniyasining futbol yo‘nalishi rahbari lavozimida faoliyat yuritgan edi. Bugun u Germaniya futbol ittifoqi (DFB) bilan to‘rt yillik shartnoma imzolagani ma’lum qilindi.
«Terma jamoa nemis xalqini boshqa deyarli hech narsa qila olmaydigan darajada birlashtira oladi. Shuning uchun ham bu vazifa men uchun juda alohida ahamiyatga ega. So‘nggi bir yarim yil davomida “Red Bull”da orttirgan tajribam va o‘rgangan bilimlarim uchun, shuningdek, ushbu kelishuvga erishish imkonini bergan ochiq munosabat uchun minnatdorman. Endi esa nemis futbolidagi bu betakror vazifani intiqlik bilan kutyapman. Biz kamtarlik va sabr-toqat bilan bir-biri uchun kurashadigan, o‘yindan zavq oladigan hamda mamlakatimiz muxlislari to‘la ishonch bilan qo‘llab-quvvatlaydigan jamoani shakllantirishga kirishamiz», — dedi Klopp DFB rasmiy saytiga bergan intervyusida.













