«Manchester Siti»ning yangi bosh murabbiyi Enso Mareska klub Xosep Gvardiolaning ketishidan so‘ng davrlar almashinuvini og‘riqsiz o‘tkazishiga va ser Aleks Fergyuson faoliyatini yakunlaganidan so‘ng avvalgi darajasiga qayta olmagan «Manchester Yunayted»ning yo‘lini takrorlamasligiga ishonch bildirdi.
Italiyalik mutaxassis Gvardiolaning o‘rnini egallash katta chorlov ekanini tan oldi. Ispaniyalik murabbiy 10 yil davomida «Siti» bilan 20 ta sovrinni qo‘lga kiritib, klub tarixidagi eng muvaffaqiyatli murabbiyga aylangan edi.
«Men Pepni oxirgi 20–25 yildagi dunyoning eng yaxshi murabbiyi deb hisoblayman, shu sababli bu jiddiy chorlov. Bu katta sharaf, lekin bir jamoada uzoq vaqt ishlagan murabbiy ketganidan so‘ng klublar tez-tez qiyinchiliklarga duch kelishini bilamiz. Ser Aleksdan keyin «Manchester Yunayted» bilan ham shunday bo‘lgan edi.
Bu hamma uchun katta chorlov. Lekin eng muhimi — klubning tashkiliy tuzilmasi. Oxirgi 17 yil ichida bu yerda bor-yo‘g‘i uchta bosh murabbiy ishladi. Bunday holat juda kamdan-kam uchraydi va aynan shu sababli men oxirgi 14–15 yil davomida olib borilgan ishni muvaffaqiyatli davom ettira olishimizga ishonaman», — dedi Mareska The Mirror nashriga bergan intervyusida.













