Italiyalik mutaxassis Andrea Pirlo Italiya milliy terma jamoasi bosh murabbiyligiga tayinlanishi bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan ommaviy bayonot berdi.
Avvalroq 47 yoshli mutaxassis terma jamoani boshqarish taklifini qabul qilgani va yaqin kunlarda shartnoma imzolashi kutilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq uning Rossiya bilan bog‘liq tijorat aloqalari tufayli nomzodiga nisbatan yangi savollar paydo bo‘ldi.
May oyi oxirida Pirlo Moskva shahrida Rossiyaning bukmekerlik kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan reklama tadbirida qatnashgan. Murabbiy ushbu kompaniya bilan rasman hamkorlik qiladi. Agar u Italiya terma jamoasi bosh murabbiyi etib rasman tayinlansa, mazkur shartnoma avtomatik tarzda bekor qilinadi. Shunga qaramay, Italiya futbol federasiyasi (FIGC) bu masalani qo‘shimcha ravishda o‘rganishga qaror qildi.
Bu holat federasiya ichida «boshi berk ko‘cha»ni yuzaga keltirdi. FIGC texnik direktori Paolo Maldini va uning maslahatchisi Leonardo Pirloni milliy jamoaning yangi loyihasi uchun eng munosib nomzod deb hisoblamoqda. Biroq yakuniy qaror federasiya prezidenti Jovanni Malago qabul qiladi. U Pirloning tijorat shartnomasi haqida oldindan xabardor qilinmagan, shu bois hamkorlikning huquqiy oqibatlarini o‘rganishni yuristlarga topshirgan va endi «siyosiy hamda institusional maqsadga muvofiqlik» masalalarini ham inobatga olishga majbur.
Pirlo ijtimoiy tarmoqlarda quyidagi bayonot bilan chiqdi:
«So‘nggi kunlarda ismim atrofida yuzaga kelgan muhokamalar va Italiya terma jamoasi bosh murabbiyligiga tayinlanish ehtimoli haqidagi bahslarni katta alam bilan kuzatdim.
Davlat institutlari, Federasiya va ushbu jarayonga aloqador barcha shaxslarga bo‘lgan hurmatim tufayli shu vaqtgacha sukut saqlashni ma’qul ko‘rdim. Biroq ayrim jihatlarga oydinlik kiritishni o‘z burchim deb bilaman.
Futbolchilik faoliyatim davomida ham, hozir murabbiy sifatida ham men har doim ishlagan mamlakatlarim qonunlari va imzolagan shartnomalarim talablariga to‘liq amal qilib kelganman. So‘nggi bahslarga sabab bo‘lgan professional hamkorlik Birlashgan Arab Amirliklaridagi faoliyatim bilan bog‘liq bo‘lib, u mutlaqo tijorat va sport xususiyatiga ega.
Bu hamkorlikka siyosiy tus berish — men hech qachon bildirmagan va menga mutlaqo begona bo‘lgan qarashlarni menga nisbat berish demakdir.
Menga bildirilgan ishonch va hurmat uchun Paolo Maldini hamda Leonardoga minnatdorchilik bildiraman. Ularning kasbiy mahorati, jiddiy yondashuvi va Italiya futboliga bo‘lgan muhabbatini yaxshi bilaman.
Sportga oid qarorning qisqa vaqt ichida ommaviy qarama-qarshilikka aylanib ketgani, menga esa menga aloqasi bo‘lmagan ma’no va niyatlar "yopishtirilayotgani" meni chuqur ranjitadi.
Italiyaga bo‘lgan muhabbatim qaysi lavozimda ishlashimga bog‘liq emas. Bu mening hayotim va shaxsiyatimning ajralmas qismi bo‘lib, doimo men bilan qoladi», — deb yozdi Pirlo ijtimoiy tarmoqlarda.













