«Barselona» klubi o‘zining rasmiy X sahifasida qanot hujumchisi Markus Rashford bilan xayrlashdi. Angliyalik futbolchi o‘tgan mavsum kataloniyaliklar safida ijara asosida to‘p surgan edi. Uning transfer huquqlari hamon «Manchester Yunayted»ga tegishli.
«Sen bilan o‘tkazgan har bir daqiqadan zavq oldik, Reshi! Faoliyatingning yangi bosqichida omad tilaymiz!» — deyiladi klubning rasmiy murojaatida.
Markus Rashford 30 iyul kuni «Barselona»ni tark etayotganini rasman e’lon qilgan edi.
Avvalroq tarqalgan xabarlarga ko‘ra, angliyalik futbolchi «Barselona»da qolish uchun maoshini kamaytirishga ham tayyor bo‘lgan. Biroq Kataloniya klubi uni to‘liq sotib olish imkonini beruvchi shartni faollashtirmagan.
Endi Rashford yangi mavsumga «Manchester Yunayted» safida tayyorgarlik ko‘rmoqda. Xabarlarga ko‘ra, u bosh murabbiy Maykl Kerrik rejalariga kiradi, ammo Yevropaning boshqa top-klubiga o‘tish ehtimoli ham istisno etilmayapti.
O‘tgan mavsumda Rashford «Barselona» safida barcha musobaqalarda 49 ta o‘yin o‘tkazib, 14 ta gol urdi va 14 ta golli uzatmani amalga oshirdi.













