Madridning «Real» klubi hujumchi Vinisius Juniorga yangi shartnoma bo‘yicha qat’iy talab qo‘ydi. Bu haqda Marca nashri xabar bermoqda.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, klub rahbariyati braziliyalik futbolchiga yo yangi shartnomani imzolashi, yoki kelajakda boshqa taklif olmasligini ma’lum qilgan. Agar Vinisius shartnomani uzaytirishdan bosh tortsa, «qirollik klubi» uni sotish variantini ham ko‘rib chiqishi mumkin.
Xabarda aytilishicha, ushbu vaziyatni Londonning «Arsenal» klubi diqqat bilan kuzatmoqda. Avvalroq «to‘pchilar» Vinisiusga qiziqish bildirayotgani haqida ma’lumotlar tarqalgan edi.
Vinisius 2018 yilning yozidan buyon «Real» sharafini himoya qilib kelmoqda. Shu vaqt mobaynida u barcha musobaqalarda 375 ta uchrashuvda ishtirok etib, 128 ta gol urdi va 100 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Futbolchining madridliklar bilan amaldagi shartnomasi 2027 yilning yozigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, Vinisiusning bozor qiymati 140 million yevroni tashkil etadi.













