Hujumchi Muhammad Saloh Saudiyaning «Al-Ittihod» klubiga o‘tishga yaqin. Bu haqda Goal portali xabar bermoqda.
Manbaning xabariga ko‘ra, misrlik futbolchining «Beshiktash» bilan muzokaralari moliyaviy shartlardagi kelishmovchiliklar sababli boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. Bundan so‘ng «Al-Ittihod» «Liverpul»ning sobiq forvardi bilan muzokaralarga kirishdi va unga yiliga 25 million dollar maosh ko‘zda tutilgan shartnoma taklif qildi. Ta’kidlanishicha, Saloh o‘tishga rozilik bergan, hujjatlarni imzolash esa yaqin orada bo‘lib o‘tadi.
Misrlik futbolchi o‘tgan mavsum oxirida erkin agent sifatida «Liverpul»ni tark etgan edi. Ushbu jamoadagi faoliyati davomida Saloh ikki bor Angliya chempionatida g‘olib chiqdi, shuningdek, Chempionlar ligasi, Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati va UYEFA Superkubogi sohibiga aylandi.













