Xalqaro futbol assosiasiyalari federasiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantino Jahon chempionatining tijoriy huquqlarini boshqarish uchun yangi tuzilma yaratish tashabbusi hozircha muhokama bosqichida ekanini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, loyiha faqat FIFAga a’zo milliy futbol assosiasiyalari ma’qullagan taqdirdagina amalga oshiriladi.
«Faqat va faqat bizning taklifimiz FIFAga a’zo 211 milliy assosiasiyaning ko‘pchiligi hamda FIFA Kengashi tomonidan ma’qullansa, FIFAga tegishli va uning nazoratida bo‘ladigan sho‘’ba kompaniya tashkil etiladi. U tijoriy faoliyat va musobaqalarni tashkil etish bilan shug‘ullanadi.
Hozir biz maslahatlashuv jarayonining boshlang‘ich bosqichida turibmiz. Bu demokratik jarayonning bir qismi bo‘lib, hozircha majburiy qaror emas, balki loyihadir.
Bu qiymatni to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun sportni boshqarish va rivojlantirishdan tashqari qo‘shimcha bilim va tajriba talab etiladi. Bu butun dunyoda futbol taraqqiyotini tezlashtirish uchun ajoyib imkoniyatdir.
FIFA musobaqalarining yuragi va joni bo‘lgan muxlislar uchun hech narsa o‘zgarmaydi. Ular hamon futbolning asosiy qismi bo‘lib qoladi va tomosha qilayotgan sport turi ham o‘zgarmaydi.
Shu bilan birga, FIFA tashqi aralashuvsiz futbolni boshqarishda davom etadi», — dedi Infantino.
Avvalroq The Times gazetasi Infantino FIFA Forward Enterprise (FFE) nomli yangi kompaniya ulushining bir qismini sotishni rejalashtirayotgani haqida xabar tarqatgan edi. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, ushbu tuzilma FIFAning tijoriy faoliyati va musobaqalarini birlashtirishi kerak edi.
New York Post esa federasiya rahbariyati ichidagi kelishmovchiliklar, amaldorlarning noroziligi va boykot tahdidlari sabab mazkur tashabbus bekor qilinganini ma’lum qilgan.













