«Chelsi» «Rayo Valyekano»ning chap qanot himoyachisi Pep Chavarriyaning transferi ustida ishlashni davom ettirmoqda.
Madrid klubi 28 yoshli futbolchi bo‘yicha «ko‘klar»ning birinchi taklifini rad etgan edi, biroq londonliklar taslim bo‘lishgani yo‘q: jurnalist Sebastyen Vidalning ma’lumotiga ko‘ra, «Chelsi» yaxshilangan yangi taklif bilan muzokaralarga qaytgan. Tomonlar muhokamani davom ettirishmoqda.
Mashhur Transfermarkt portali mutaxassislari Pep Chavarriyaning qiymatini 10 million yevroga baholamoqda. O‘tgan mavsumda ispaniyalik lateral «Rayo Valyekano» tarkibida barcha turnirlarda 44 ta o‘yinda maydonga tushib, 1 ta gol urdi va 3 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.













