Indoneziya prezidenti Prabovo Subianto mamlakat milliy terma jamoasining 2030 yilgi jahon chempionatiga chiqishini umummilliy vazifa sifatida belgiladi.
Jakartada ochilgan Indoneziya futbol assosiasiyasi (PSSI) kongressi ishtirokchilariga murojaat qilgan davlat rahbari mamlakatning katta salohiyatga ega ekanini ta’kidladi.
«Indoneziya buyuk mamlakat. Buyuk mamlakatlarning buyuk orzulari va ularni amalga oshirishga jasorati bo‘lishi kerak. Menimcha, Indoneziya 2030 yilgi jahon chempionatida ishtirok etishga munosib», — dedi Subianto.
Prezident Indoneziya 2026 yilgi jahon chempionati yo‘llanmasiga yaqin kelganini, ammo saralash bosqichida Saudiya Arabistoni va Iroq terma jamoalariga mag‘lub bo‘lib, musobaqadan chetda qolganini eslatdi.
Shu munosabat bilan u PSSI rahbariyatiga JCH-2030ga tayyorgarlik bo‘yicha kompleks dastur ishlab chiqish vazifasini yuklatdi. Mazkur reja mamlakat futboli rivojlanishining uzoq muddatli strategiyasiga asos bo‘lishi lozim.
Subianto klublar, futbol akademiyalari, murabbiylar, futbolchilar, muxlislar, mahalliy hokimiyatlar, biznes vakillari, ommaviy axborot vositalari hamda jamoatchilikni yagona maqsad yo‘lida birlashishga chaqirdi.
«Bu buyuk maqsadga faqat hukumat yoki PSSIning o‘zi erisha olmaydi. Bu — butun millatning vazifasidir», — dedi Indoneziya prezidenti.
Eslatib o‘tamiz, 2030 yilgi jahon chempionatiga Ispaniya, Portugaliya va Marokash mezbonlik qiladi. Turnirning ochilish uchrashuvlari esa Jahon chempionatining 100 yilligi munosabati bilan Urugvay, Argentina va Paragvayda o‘tkaziladi.













