«Barselona» yozgi transfer oynasi yopilguncha «Al-Hilol» himoyachisi Joau Kanseluni o‘z safiga qo‘shib ola olishiga bo‘lgan ishonchni saqlab qolmoqda.
Insayder Fabrisio Romanoning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida yozishicha, Kataloniya klubi transfer summasi bo‘yicha «Al-Hilol» bilan muzokaralarni davom ettirmoqda. Klublar o‘rtasida hozircha kelishuvga erishilmagan bo‘lsa-da, «Barselona»da bitimning muvaffaqiyatli yakunlanishiga hech qanday shubha yo‘q. Qayd etilishicha, portugaliyalik futbolchining o‘zi faoliyatini faqat «Barselona»da davom ettirish niyatida va boshqa variantlarni ko‘rib chiqmayapti.
Kanselu avval ham ijara huquqi asosida Kataloniya klubida to‘p surgan. «Ko‘k-anorranglilar» safidagi 65 ta o‘yinda u oltita gol urgan va sheriklariga to‘qqizta golli uzatma oshirgan.













