La Liga prezidenti Xavyer Tebas UEFAning «PSJ» rahbari Nasser Al-Xelayfiyni Janni Infantinoga qarshi FIFA prezidentligi saylovida nomzod sifatida ko‘rsatish tashabbusini oshkora rad etdi. Tebas RMC’ning After Foot ko‘rsatuvida: «Nasser «PSJ» prezidenti sifatida yaxshiroq, deb hisoblayman. U FIFAning yomon prezidenti bo‘lgan bo‘lardi», — deya ta’kidladi.
Qatarlik funsionarning dunyo futboli rahbarligiga kelishiga qarshiligini tushuntirar ekan, Tebas shunday dedi: «Menga uning futbol haqidagi qarashlari yoqmaydi va u men intilayotgan Yevropa futboli modeli asosida ishlamaydi».
Tebas, shuningdek, Al-Helayfiyning Yevropa klublari assosiasiyasidagi (ECA) faoliyatini ham keskin tanqid qilib, uni boshqarish tizimi faqat kichik bir elita foydasiga ishlayotganini ta’kidladi: «Bundan tashqari, u Yevropa klublari assosiasiyasi prezidenti va bu assosiasiyada 800 ta klub bor. Lekin u a’zo bo‘lgan kichik bir ozchilikdan tashqari hech kim o‘z fikrini bildira olmaydi. Shu bois, u men ma’qullamaydigan elitar modelni ilgari suradi».
Al-Xelayfi sha’niga aytilgan bunday keskin tanqidlar Tebasning FIFAning amaldagi rahbariyatiga bo‘lgan doimiy hujumlari fonida yangramoqda. Avvalroq Tebas JCH ishtirokchilari sonini 64 ta jamoaga yetkazish rejasidan so‘ng «ildizigacha chirigan tizim futbol sanoatini vayron qiladi» deb bayonot bergan edi.
UEFA Al-Xelayfiyni Superligaga qarshi pozisiyasi va beIN Media Group orqali media olamidagi nufuzi sababli ideal nomzod deb hisoblayotgan bir paytda, Tebas «PSJ» rahbari FIFA prezidentligi uchun mutlaqo noloyiq degan fikrida qat’iy qolmoqda.













