The Times nashri xabariga ko‘ra, Londonning «Arsenal» klubi yana «Atletiko Madrid» hujumchisi Xulian Alvaresni o‘zlarining asosiy transfer nishoniga aylantirdi.
«To‘pchilar» avvaliga «Real» vingeri Vinisius Juniorni sotib olish bo‘yicha yirik kelishuvga erishmoqchi edilar. Biroq braziliyalik yulduz madridliklar bilan yangi shartnomaga imzo chekdi.
Alvares Vinisius nomzodi paydo bo‘lishidan oldin «Arsenal»ning asosiy maqsadi bo‘lgan edi va endilikda ular argentinalik forvardni sotib olish bo‘yicha qayta urinib ko‘rishni jiddiy rejalashtirishmoqda.
Biroq londonliklar futbolchining o‘zi uchun «Barselona» eng ma’qul variant ekanidan xabardor. Shu sababli, «Arsenal» «Atletiko» o‘z hujumchisini La Ligadagi bevosita raqibiga sotishdan bosh tortishiga va bu orqali Alvaresni «Emireyts»ga ko‘chib o‘tishga ko‘ndirish imkoniyati paydo bo‘lishiga umid qilmoqda.













