Norvegiya futbol federasiyasi (NFF) FIFA prezidenti Janni Infantinoning o‘z lavozimini darhol tark etishini talab qilish bo‘yicha qaror qabul qildi. Ushbu qaror payshanba kuni federasiya boshqaruvi yig‘ilishida ma’qullandi. Norvegiya «Fifa Forward Enterprise» loyihasi atrofidagi inqiroz fonida Infantinoni ochiqchasiga iste’foga chaqirgan birinchi milliy assosiasiya bo‘ldi.
«Biz Infantinoga nisbatan hech qanday ishonch qolmadi degan qarorga keldik. Biz muntazam ravishda xavotirda edik va har yili vaziyat yanada xavotirli tomonga qarab siljib bordi. Biz uchun ishonch yo‘qotildi, Infantino uchun ortga yo‘l yo‘q», — dedi NFF prezidenti Lise Klaveness.
Uning so‘zlariga ko‘ra, jahon futboli kuchli bo‘linish va «tartibsizlik» holatida qolmoqda, shu sababli federasiya futbol jamoatchiligi oldinga harakat qilishi uchun FIFA rahbarining darhol iste’foga chiqishini talab qilmoqda. Infantinoning iste’fosi so‘ralgan rasmiy xat keyingi haftada FIFAga yuborilishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, Norvegiya FIFA Etika qo‘mitasiga yangi shikoyat tayyorlamoqda. U birdaniga uchta epizodni o‘z ichiga oladi:
-
«Fifa Forward Enterprise» atrofidagi janjal,
-
Donald Trampga FIFA Tinchlik mukofotining topshirilishi,
-
Jahon chempionatida Folarin Balogun bilan bog‘liq vaziyat.
NFF ushbu murojaatga boshqa yirik federasiyalarni ham jalb qilishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq FIFA tashkilotning tijorat biznesining 21 foizini «Thrive Capital» fondiga 4,2 milliard dollarga sotishni nazarda tutuvchi «Fifa Forward Enterprise» loyihasidan voz kechgan edi. Ushbu reja Yevropa futbol federasiyalari tomonidan keskin tanqidga uchragan edi.













