Londonning «Arsenal» klubi yozgi transfer oynasida braziliyalik hujumchi Gabriel Jezusni sotish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyor. «Napoli» tomonidan bildirilgan qiziqishdan so‘ng londonliklar 29 yoshli futbolchining narxini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Metro.
Manba bergan ma’lumotlarga ko‘ra, «kanonirlar» forvard uchun kamida 20 million yevro talab qilmoqda. Ahamiyatlisi, Jezusning «Arsenal» bilan amaldagi shartnomasi tugashiga atigi bir yil qolgan.
O‘tgan mavsumda braziliyalik futbolchi chap tizzasidagi xochsimon paylarning uzilishi sababli bir qator o‘yinlarni o‘tkazib yuborgan edi. Majburiy tanaffusdan so‘ng safga qaytib, u barcha turnirlarda 27 ta o‘yinda maydonga tushdi va 6 ta gol urishga erishdi.
«Napoli» «Arsenal» bilan muzokaralarni boshlagan bo‘lsa-da, tomonlar hozircha transfer kelishuvida sezilarli ilgarilashga erisha olishmagani aytilmoqda.













