Saudiya Arabistonining «Neom» klubi darvozaboni Marsin Bulka Fransiyaning «Marsel» klubiga o‘tishi mumkin. Bu haqda L’Equipe nashri xabar bermoqda.
Provansalliklarning asosiy darvozaboni Xeronimo Ruli yaqin orada «Manchester Siti»ga ko‘chib o‘tishi kutilmoqda. Fransuz klubi aynan Bulkani argentinalik posbonning o‘rnini bosadigan munosib nomzod sifatida ko‘rmoqda. Manba berayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, «Marsel» rahbariyati «Neom» klubiga polshalik futbolchini ijaraga olish bo‘yicha rasmiy taklif yuborib bo‘lgan.
Bulkaning Saudiya klubi bilan amaldagi shartnomasi 2029 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan. Faoliyati davomida u «Pari Sen-Jermen», «Nissa», «Kartaxena» va «Shatoru» kabi jamoalarda to‘p surgan. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, 26 yoshli polshalikning hozirgi bozor qiymati 15 million yevroni tashkil etadi. U o‘tgan mavsumda «Neom» tarkibida Saudiya chempionatidagi 6 ta o‘yinda maydonga tushib, o‘z darvozasidan 8 ta to‘p o‘tkazib yuborgan.













