Janubiy Koreya futbolida navbatdagi yirik mojaro yuzaga chiqdi. Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, Janubiy Koreya futbol assosiasiyasi (KFA) 2011–2012 yillarda xalqaro uchrashuvlarda ishlagan ayrim xorijlik hakamlar uchun jinsiy xizmatlar tashkil etgan bo‘lishi mumkin. Qayd etilishicha, bundan maqsad hakamlar qarorlariga ta’sir o‘tkazish bo‘lgan.
JTBC telekanali ma’lumotiga ko‘ra, ayblovlar Janubiy Koreya Madaniyat, sport va turizm vazirligi tomonidan 2016 yilda tayyorlangan maxfiy audit hujjatlariga asoslanadi. Hisobotda KFA mansabdorlarining xorijlik hakamlar uchun “massaj xizmatlari”ni tashkil etgani qayd etilgan.
Sobiq KFA xodimlaridan biri telekanalga bergan intervyusida assosiasiya hakamlarning “o‘z foydalari uchun hushtak chalishi”ni istaganini aytgan.
Yonhap agentligi xabariga ko‘ra, mazkur uchrashuvlarda Yaponiya, BAA, Eron, Bahrayn va O‘zbekiston vakili bo‘lgan hakamlar faoliyat olib borgan. Biroq hozircha aynan qaysi hakamlar noqonuniy xizmatlardan foydalangani tasdiqlanmagan.
KFA allaqachon boshqa tergov markazida
Ayni paytda KFA yana bir mojaro yuzasidan ham polisiya tekshiruvi ostida. Gap Janubiy Koreyaning 2026 yilgi FIFA Jahon chempionatidagi muvaffaqiyatsiz ishtirokidan so‘ng terma jamoa bosh murabbiylarini tayinlash jarayonidagi ehtimoliy qonunbuzarlik va qarindosh-urug‘chilik holatlari haqida bormoqda.
6 avgust kuni polisiya 2024 yil iyul oyida Hong Myong-Boning bosh murabbiy etib tayinlanishi yuzasidan tergov doirasida KFA bosh qarorgohida tintuv o‘tkazdi.
JTBC surishtiruvi ortidan KFA vakili quyidagicha izoh berdi:
“15 yil avval noxush voqealar bo‘lgan bo‘lishi mumkin, ammo bugungi kunda biz axloqiy me’yorlarga qat’iy amal qilamiz”.
Shuningdek, u assosiasiya hujjatlarni atigi besh yil davomida saqlashini, shu sababli eski voqealarni tasdiqlash imkoniyati yo‘qligini bildirgan.
Auditda nimalar aniqlangan?
JTBC ma’lumotiga ko‘ra, vazirlikning 2016 yildagi auditi davomida 2011 yil martidan 2012 yil martigacha bo‘lgan davrda KFA xorijlik hakamlarni yetti marotaba mehmon qilgani va bunda 20 nafar hakam ishtirok etgani aniqlangan.
Dastlab audit KFA mansabdorlarining korporativ bank kartalaridan shaxsiy xarajatlar uchun foydalangan yoki yo‘qligini tekshirish maqsadida boshlangan. Tekshiruv davomida xorijlik hakamlar ushbu xarajatlardan foyda ko‘rgani aniqlangan bo‘lsa-da, vazirlik keyinchalik ishni qo‘shimcha choralar ko‘rmasdan yopgan.
Mazkur holatlar orasida 2014-yilgi Jahon chempionati saralashi hamda 2012-yilgi London Olimpiadasi saralash bahslari ham bo‘lgan.
Gangnamdagi massaj salonlari
Auditga ko‘ra, 2012 yil 29 fevral kuni Seulda bo‘lib o‘tgan Janubiy Koreya – Quvayt (2:0) uchrashuvi oldidan KFA korporativ kartasi orqali Gangnam tumanidagi massaj salonida ikki nafar hakam uchun 500 ming von to‘langan.
Vazirlik ushbu to‘lov jinsiy xizmatlarni ham o‘z ichiga olgan degan xulosaga kelgan. O‘sha davrda ayrim massaj salonlari qo‘shimcha haq evaziga noqonuniy jinsiy xizmatlar ko‘rsatishi bilan tanilgan edi.
KFA Hakamlar bo‘limining sobiq xodimi, shaxsi “janob B” sifatida yashirilgan manbaning aytishicha:
“Massaj narxiga jinsiy xizmatlar ham kirgan. Buni avval xorijlik hakamlarning o‘zi so‘ragan”.
Yuzi berkitilgan va ovozi o‘zgartirilgan holda intervyu bergan sobiq xodim hakamlar uzoq parvozlardan keyin shikoyat qilishini aytgan.
“Ular: "Uzoq uchdik, o‘zimizni yaxshi his qilmayapmiz", derdi. Biz esa ularni rozi qilishga harakat qilardik. Axir shundan keyin ular bizning foydamizga hushtak chalishi mumkin edi”.
Biroq JTBC ushbu xizmatlardan aynan qaysi hakamlar foydalangani mustaqil ravishda tasdiqlanmaganini qayd etgan.
Yana ikki holat
Auditda 2011 yil 22 sentyabr kuni Janubiy Koreya – Ummon uchrashuvidan so‘ng Changvon shahridagi massaj saloniga 760 ming von to‘langani ham qayd etilgan. Vazirlik bu mablag‘ to‘rt nafar hakam uchun jinsiy xizmatlar tashkil etishga sarflangan degan xulosaga kelgan.
Shuningdek, 2012 yil 14 mart kuni Janubiy Koreya – Qatar (0:0) uchrashuvi vaqtida Gangnamdagi yana bir massaj saloniga 198 ming von to‘langan. Auditda bu safar hakamlar inspektori uchun jinsiy xizmat ko‘rsatilgani aytiladi.
FIFA qoidalariga zid
Futbol etikasi bo‘yicha mutaxassislarga ko‘ra, hakamlarga ta’sir o‘tkazishga urinish FIFA intizom qoidalarining eng og‘ir buzilishlaridan biri sanaladi. Match-fiksing va korrupsiya futboldagi eng jiddiy axloqiy qoidabuzarliklar qatoriga kiradi.
Janubiy koreyalik futbol sharhlovchisi Park Mun-Sonning fikricha, mazkur mojaro xalqaro miqyosda katta rezonans keltirib chiqarishi mumkin.
“Bu mojaro xalqaro bahs-munozaralarga sabab bo‘lishi mumkin. Hakamlarga ta’sir o‘tkazishga urinish juda og‘ir qoidabuzarlik hisoblanadi”, deydi u.













