«RB Leypsig» va Germaniya terma jamoasi yarim himoyachisi Assan Uedraogo o‘ng yelkasidagi jarohat sabab bir necha hafta futbol o‘ynay olmaydi.
Klub ma’lumotiga ko‘ra, 20 yoshli futbolchi payshanba kuni mashg‘ulot vaqtidagi to‘qnashuv chog‘ida jarohat olgan. Unga tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Uedraogo jarohatini konservativ davolash usuli orqali tiklaydi. Uning aniq qaytish sanasi hozircha ma’lum qilinmagan.
Qayd etish joiz, futbolchi joriy yil boshida chap tizzasi payidagi jarohat tufayli bir necha oy maydondan chetda qolgan edi. O‘tgan yil oxirida ham Uedraogo pay jarohati sabab bir necha hafta futbol o‘ynay olmagan.
Bozor qiymati 20 million yevro deb baholanayotgan Uedraogo Xavi Shlager jamoani tark etganidan so‘ng «RB Leypsig» markaziy yarim himoyasida uning o‘rnini egallashi kutilgan edi.













