Kirish Ro'yxatdan o'tish

Lyuk Shou: «MYU» libosini kiyish shunchaki, sharaf!»

Lyuk Shou: «MYU» libosini kiyish shunchaki, sharaf!»

Baho:
+ | -1

«MYU»ning uy stadioni – salobatli «Old Trafford»dagi kiyinish xonasi klub futbolchilari uchun muqaddas nuqta hisoblanadi. Axir ushbu xona o‘zida «qizil iblislar»ning ko‘p yillik an’analari, buyuk g‘alabalari va afsonaviy ijrochilari izlarini mujassam etgan. «MYU»ning tolmas himoyachisi Lyuk Shou «Old Trafford» zalvori va kiyinish xonasi ahamiyatini teran tushunadiganlardan biridir, shubhasiz. Angliyalik faxriy futbolchi yaqinda «MYU»ning rasmiy nashri – United uchun eksklyuziv intervyu berdi. U jumladan, stadionga kelgan lahzalarda nimalarni his qilishi, o‘yin kuni qanday tayyorgarlik ko‘rishi, kiyinish xonasida hukm suradigan muhit va katta sinovlar oldidan kechadigan ruhiy holati haqida gapirdi.

– Lyuk, tasavvur qiling, bugun o‘yin, siz esa endigina uyg‘ondingiz. Ilk hissiyotingiz qanday bo‘ladi?

– Bilasizmi, odatda o‘yin bo‘ladigan kun men uchun katta hayajon bilan boshlanadi har safar. Oldinda turgan uchrashuvni intiq holda kutib, maydonga tushish lahzalarini xayolimdan o‘tkazaman. Tabiiyki, hayajon ortidan yengil bezovtalik ham bo‘ladi. Nazarimda, bu tuyg‘u g‘alaba qozonish ishtiyoqi va maydonda o‘z imkoniyatlarimni to‘liq namoyon etish istagidan kelib chiqadi. Aynan shu ikki hissiyot ruhiy jihatdan yaxshi shaylanishimga yordam beradi va o‘yin davomida alohida tetiklik bag‘ishlaydi.

– Hayajon va bezovtalik xalaqit bermaydimi?

– Yo‘q, bular men uchun yoqimli tuyg‘ular. Futbolni nega tanlaganmiz? Albatta, sevganimiz uchun. Qolaversa, «MYU»dek buyuk klub safida muhim uchrashuvlarda maydonga tushish har bir futbolchi uchun ulkan sharaf va baxtdir. Shunday ekan, o‘yin oldidan yuzaga keladigan hayajon ham menga faqat qo‘shimcha kuch, ishonch va motivasiya beradi.

– Bunday hissiyot muayyan tajriba orttirilganidan keyin ham o‘zgarmaydimi?

– Deyarli o‘zgarmaydi. Hatto agar ba’zi o‘yinlar oldidan o‘sha tanish hayajonni his qilmaslik o‘zim uchun biroz g‘ayritabiiy holdek tuyuladi. Chunki faoliyatim davomida qancha o‘yinda ishtirok etgan bo‘lsam, maydonga tushish arafasida ayni shu tuyg‘uni boshdan kechirish odatga aylangan. Demakki, hayajon haligacha men uchun o‘yinga tayyorgarlikning muhim qismi bo‘lib qolmoqda.

– O‘yin kuni qanday taomlar iste’mol qilishni ma’qul ko‘rasiz?

–  Barchasi avvalo, uchrashuv kunning qaysi qismida o‘tkazilishiga bog‘liq. Agar kechqurun maydonga tushadigan bo‘lsak, ko‘pincha tovuq go‘shti va pesto sousi qo‘shilgan taomni tanlayman. Agar o‘yin ertaroqqa belgilansa, taomnomam boshqacha bo‘ladi. Umuman, imkon qadar organizmga og‘irlik qilmaydigan, yengil va energiyaga boy yeguliklarga e’tibor qarataman. Chunki o‘yin oldidan to‘g‘ri ovqatlanish jismoniy tetiklikni saqlab qolishda muhim omillardan biri hisoblanadi.

– Uy uchrashuvlaridan oldin jamoa «Karrington» bazasida yig‘iladi. Bunday payt jamoadoshlaringiz bilan faqat futbol haqida gaplashasizlarmi yoki…?

– Odatda mashg‘ulotlar bazasida o‘yindan chamasi 3-3,5 soat oldin yig‘ilamiz. Dastlab ancha osoyishta muhit hukm suradi. Hamma bir-biri bilan xotirjam suhbatlashadi, hazillashadi. Keyin qisqa yig‘ilish o‘tkaziladi va barchaning bor diqqat-e’tibori to‘liq o‘yinga buriladi. Avtobusga chiqqanimizdan keyin esa har kim o‘zini o‘yinga ruhan tayyorlay boshlaydi.

– Demak, stadionga yaqinlashish ham o‘zgacha his uyg‘otadi…

– Albatta. Ko‘pincha avtobusda musiqa ting­laymiz, kimdir xayolga cho‘madi. Uzoqdan «Old Trafford» ko‘ringan zahoti esa hammasi o‘zgaradi. Ya’ni shu lahzada haqiqiy hayajon boshlanadi, o‘yinga kirishayotganimizni butun vujudimiz bilan his qilamiz.

– Stadionga kirgach, chigalyozdi mashqlariga chiqqunga qadar oraliq vaqtni qanday o‘tkazasizlar?

– Avtobusdan tushib, to‘g‘ri kiyinish xonasiga yo‘l olamiz. U yerda hamma o‘z buyumlarini tartibga keltirib bo‘lgach, bosh murabbiy o‘yinga doir oxirgi taktik ko‘rsatmalarni beradi. Shundan so‘ng har bir futbolchi o‘zining tayyorgarlik rejasini bajarishga tushadi. Masalan,  men ko‘pincha massaj roligi yordamida mushaklarimni bo‘shatishga harakat qilaman. Imkoniyatga qarab, fizioterapevtlar bilan qo‘shimcha mashqlarni ham bajarishim mumkin. Shu tariqa chigalyozdi jarayoni va o‘yinga to‘liq shay holga kelaman.

– Kiyinish xonasida hamisha muayyan futbolchi yonida o‘tirasizmi yoki…?

– Yo‘q, joyim vaqt-vaqti bilan o‘zgarib turadi. To‘g‘ri, ko‘pincha Garri Maguayr bilan yonma-yon o‘tiraman. So‘nggi vaqtlar Nussair Mazraui ham yonimga joylashmoqda. Shu ikkisi bilan anchadan buyon do‘stona munosabatdaman va bir-birimizning odatlarimizga to‘liq ko‘nikib ulgurganmiz.

– Chigalyozdi mashg‘ulotlaridan keyin kiyinish xonasida yana nimalar bo‘ladi, deylik, qandaydir odatlar bormi?

– O‘yinga tushishdan oldin butun jamoa – futbolchilar, murabbiylar va boshqa xodimlar bir doira bo‘lib yig‘ilamiz. Bosh murabbiy yakuniy ruhlantiruvchi so‘zlarni aytadi. Shundan so‘ng saf tortamiz va maydon sari qadam bosamiz.

– Maydonga tushish payti tribunalarda shovqin ko‘tarilishi, muxlislarning hayqiriqlariga ko‘nikib ketgandirsiz…

–  Yo‘q, yo‘q. O‘sha vaqt qanday holatga tushishimni so‘z bilan ifodalab berishim qiyin. Har gal maydonga tushish arafasida havoda uchayotgandek bo‘laman – mutlaq baxtiyorlik. «MYU»dek buyuk klub sharafini himoya qilish har kimga ham nasib etavermaydi axir. Ba’zan kechqurun shahar bo‘ylab ketayotib, «Old Trafford» yonidan o‘taman va stadionga qarab, beixtiyor o‘zimga pichirlab qo‘yaman: «O, qanday baxtliman-a!» Dunyoda millionlab insonlar loaqal bir marta «Old Trafford» maydoniga tushishni orzu qilishadi. Men esa har hafta shunday imkoniyatga egaman. Xullas, jamoa libosini kiyish hamisha katta faxr uyg‘otadi.

– Yaqinlaringiz o‘yiningizni ko‘rgani tez-tez kelishsa kerak. Ular bilan uchrashishga vaqt ajrata olasizmi?

– O‘yinga qadar bu haqda o‘ylashning ham iloji yo‘q. Butun diqqatim uchrashuvga qaratiladi. Bir safar farzandlarimning klub maskoti obrazida maydonga tushishgani men uchun yoqimli xotira bo‘lib qolgan. Umuman, odatda o‘yingacha tashqi omillar haqida o‘ylamaslikka harakat qilaman. Uchrashuv tugagach esa, ayniqsa, g‘alaba qozongan bo‘lsak, oilam bilan ko‘rishish o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi. O‘zi yaqinlarim tribunada doim bitta joyda o‘tirishadi, shuning uchun ularni muxlislar orasidan osongina topaman.

– O‘yin tugagach, xususan, g‘alabadan ke­yin kunni qanday yakunlaysiz?

– Avvalo, tiklanish jarayoniga e’tibor qarataman. Odatda massaj qabul qilaman, ba’zan muzli vannada mushaklarimni toblayman. Shundan keyin  jamoadoshlarim bilan xayrlashib, uyga qaytaman. Rostini aytsam, hozirgi hayotim 5-10 yil avvalgisidan ancha farqlanadi. Endi meni uyda 4 nafar farzandim kutib turadi. Shuning uchun bo‘sh vaqtni deyarli to‘liq ularga bag‘ishlayman.

– Ko‘plab muxlislar shanba kungi o‘yindan keyin Match of the Day yoki boshqa tahliliy ko‘rsatuvlarni tomosha qilishadi. Siz ham shunga o‘xshash teledasturlarni ko‘rasizmi?

– Ha, albatta. Xususan, Match of the Day yoqadi. Shuning barobarida boshqa jamoalar o‘yinlarini ham tomosha qilishim mumkin. Chunki futbolni chinakamiga yaxshi ko‘raman. Xullas, imkoniyat tug‘ilishi bilan televizor qarshisida o‘tirib, duch kelgan uchrashuvni ko‘rishim mumkin. Umuman, o‘yindan keyin uyga qaytib, xotirjam hordiq chiqarish – men uchun hayotdan zavqlanishning eng oddiy usuli.

X.YUSUPOV tayyorladi

Manba: Интерфутбол
Kiritildi: 23:48, 10.08.2026.
O'qildi: 999 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.


счётчик