Hujumchi Takumi Minamino yaqinda «Liverpul» va «Monako» o‘rtasida bo‘lib o‘tgan mavsumo‘ldi o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazilgan «Enfild»ga qaytganidan xursand bo‘ldi.
Yaponiya terma jamoasi a’zosi 2020 yilning yanvarida «Liverpul»ga o‘tganidan so‘ng, jamoa tarkibida ikki yarim yil o‘tkazdi. U 55 ta o‘yinda maydonga tushib, 14 ta gol urdi.
«Bu yerga qaytganimdan juda xursandman. Men uchun bu juda alohida maskan. Menda juda ko‘p ajoyib xotiralar bor. Lekin eng yaxshi xotiralarimdan biri 2021 yilning dekabrida Kubok doirasida «Lester Siti»ga qarshi kechgan o‘yin bilan bog‘liq. Biz 2:3 hisobida yutqazayotgan edik, men hisobni tenglashtirdim. Va biz penaltilar seriyasida g‘alaba qozondik», — dedi Minamino Liverpoolfc.com saytiga bergan intervyusida.













