Yangi mavsumdan Germaniyaning birinchi va ikkinchi Bundesligasida Adidas Torfabrik to‘pidan foydalanila boshlanadi. Bu qaror ko‘plab darvozabonlarning noroziligiga sabab bo‘ldi. Bayern & Germany nashri futbolchilarning fikrlarini keltirdi.
«Avval Derbystar to‘pida o‘ynardik, Torfabrik esa undan tezroq. U bilan zarba berish qulay, shuning uchun maydondagi futbolchilarga ko‘proq mos keladi. Darvozabonning reaksiya qilishi uchun esa to‘pning uchish tezligi yuqoriroq bo‘lgani sababli vaqt biroz kamayadi.
Bilaman, to‘pni almashtirish haqidagi qaror ko‘plab darvozabonlarni kutilmaganda qoldirdi. Ular shok va dahshatda. Hech bo‘lmaganda, hozircha menda shunday taassurot bor», — dedi «Gamburg» darvozaboni Daniel Xoyer.
Drezdenning «Dinamo» klubi hujumchisi Yakob Lemmer ham yangi to‘p darvozabonlar uchun jiddiy sinov bo‘lishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, to‘p tez va kutilmagan tarzda uchadi, shuning uchun yangi mavsumda sermahsullik yuqori bo‘lishi kutilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Adidas Torfabrik to‘pi avval Germaniya futbolida 2010–2018 yillarda qo‘llangan. Endi esa u 2026 yildan boshlab yana Bundesligada ishlatiladi.
To‘pning qaytishi ikkinchi Bundesligadayoq yuqori natijadorlik bilan boshlandi. Chempionatning birinchi turida o‘tkazilgan to‘qqizta uchrashuvda jami 31 ta gol urildi.













