«Sport Bild» nashri jurnalistlari Yulian Agardi va Kristian Falk ma’lumotlariga ko‘ra, «Bavariya»ning besh kishidan iborat prezidentlik qo‘mitasi klubning sport direktori Maks Eberl bilan amaldagi shartnomani uzaytirish haqida o‘ylamoqda. Hozirgi kelishuv 2027 yilda tugaydi.
Endi bitimni rasmiy tasdiqlash uchun so‘nggi bosqich qoldi. 25 avgust kuni klubning to‘qqiz kishidan iborat kuzatuv kengashi yig‘ilib, yangi shartnomani ma’qullashi kutilmoqda. Hozircha kelishuvning ayrim tafsilotlari yopiq qolmoqda. Xususan, shartnoma qancha muddatga uzaytirilishi va Eberlning maoshi muhokama qilinadi. Biroq eng muhim jihat — klub rahbariyati Eberl o‘z lavozimida qolishi kerak, degan yagona fikrga kelgan.
Bu «Bavariya» sport direktoriga bildirilgan jiddiy ishonch belgisidir.
E’tiborli jihati shundaki, Eberl «Bavariya» tarixidagi eng nufuzli ikki shaxs — Uli Hyoness va Karl-Xayns Rummenigge bilan munosabatlarini ham ancha mustahkamlagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 80 kun davomida Eberl har ikkisi bilan muntazam muloqot qilib kelgan, ayniqsa transfer masalalari bo‘yicha ularning fikriga tayangan. Ilgari bunday darajadagi muloqot har doim ham sodir bo‘lmagan.













