O‘zbekiston Milliy terma jamoasi a’zosi Nikita Svetkov Vengriyada o‘tkazilgan "IV. Budapest GP" xalqaro musobaqasida oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Hamyurtimiz velosportning trek yo‘nalishidagi eng murakkab va nufuzli dasturlardan biri, Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan “Omnium” ko‘pkurashida barcha raqiblarini ortda qoldirib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.
Musobaqa davomida Svetkov har bir yo‘nalishda yuqori mahorat namoyish etdi. Jumladan, u “Scratch” dasturida 40 ochko bilan birinchi o‘rinni egalladi. “Tempo Pace” bahsida ham 40 ochko jamg‘arib, g‘alabani qo‘lga kiritdi. “Elimination” poygasida ham raqiblariga imkoniyat qoldirmagan Nikita “Point Pace” dasturida 26 ochko jamg‘ardi. Shu tariqa, barcha dasturlar yakuniga ko‘ra 146 ochko to‘plagan Nikita Svetkov “Omnium” ko‘pkurashini birinchi o‘rinda yakunlab, O‘zbekiston delegasiyasiga oltin medalni taqdim etdi.













