«Bavariya»ning yangi a’zosi Ismael Saybari Myunxen klubidagi rasmiy taqdimot marosimida o‘zi, bolaligidagi qiyinchiliklar va yangi jamoasi haqida gapirib o‘tdi.
Myunxenliklar Marokash terma jamoasining 25 yoshli yarim himoyachisini PSV klubidan bonuslarni hisobga olgan holda 55 million yevroga sotib olishdi. Futbolchi klub bilan 2031 yilgacha mo‘ljallangan shartnoma imzoladi.
«Bavariya»ga o‘tishi haqida: ««Bavariya» — dunyoning eng yirik klublaridan biri. Ularning o‘yin uslubi ham menga juda mos keladi. Ular bu yerda rivojlanishim uchun zarur bo‘lgan ishonchni bera olishdi».
Bolaligidagi salomatlik muammolari haqida: «To‘g‘ilganimda oyoqlarimda muammolar bo‘lgani rost. Ota-onam odatdagidek yura olishim uchun juda ko‘p fidokorliklar qilishdi. Men bu uddasidan chiqdim va buning uchun juda minnatdorman. Men e’tiqodli insonman va Xudo men uchun aynan shu yo‘lni tanlaganiga ishonaman».
«Bavariya»ning o‘yin uslubi haqida: «Vensan Kompani kelishi bilan «Bavariya» juda intensiv o‘yin ko‘rsatmoqda. O‘tgan mavsumda bunga o‘zim ham amin bo‘lgan edim. Menga bunday o‘yin uslubi yoqadi va yangi chaqiruvlarni intiqlik bilan kutyapman».
Chet tillarini bilishi haqida: «Men beshta tilda — ingliz, fransuz, ispan, arab va niderland tillarida gaplashaman. Umid qilamanki, tez orada nemis tilini ham o‘rganaman. Menga tillar va turli madaniyatlar yoqadi», — dedi Saybari.













