Londonning «Arsenal» klubi bosh murabbiyi Mikel Arteta «Manchester Siti»ga qarshi o‘tkazilgan Angliya Superkubogi (3:0) bahsida Gabriel Martinelli, Itan Nvaneri va Gabriel Jezusning qaydnomaga kiritilmagani sababini tushuntirdi.
Ispaniyalik mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, klub o‘yin qaydnomasiga kiritilishi mumkin bo‘lgan futbolchilar soni bo‘yicha cheklovlarga duch kelgan.
«Bu futbolchilarni tarkibga kirita olmaganimizdan juda afsusdaman. Men allaqachon APLdan o‘yin qaydnomasidagi futbolchilar limitini oshirishni so‘rayapman, chunki ular tarkibda bo‘lishga loyiq — bunga hech qanday shubha yo‘q.
Umid qilamanki, bu qoidani o‘zgartira olamiz, toki futbolchilar maydonga tushishi, o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘lishi va keyinchalik jamoaga yordam berishi mumkin bo‘lsin», — dedi Arteta Sky Sports nashriga.
Hozirda Angliya chempionatida ishtirok etayotgan klublar 21 yosh va undan katta bo‘lgan 25 nafar futbolchini ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin (21 yoshdan kichik futbolchilar bu limitga kirmaydi). Shu bilan birga, o‘yin qaydnomasiga jami 20 nafar futbolchi (11 nafar asosiy tarkib va 9 nafar zaxira o‘rindig‘idagi o‘yinchi) kiritilishiga ruxsat berilgan.













