"Liverpul" klubi istiqbolli vinger Rio Ngumoa bilan yangi shartnoma imzolash niyatida.
Transfer News Live nashri TEAMtalk ma’lumotiga tayanib xabar berishicha, mersisaydliklar 17 yoshli futbolchi bilan shartnomani uzaytirish bo‘yicha muzokaralarni boshlab yuborgan.
Ngumoa 29 avgust kuni 18 yoshga to‘ladi. Manbaga ko‘ra, shundan ko‘p o‘tmay uning yangi kelishuvi rasman e’lon qilinishi mumkin. Yangi shartnoma doirasida angliyalik futbolchining maoshi sezilarli darajada oshirilishi, shuningdek, o‘tkazilgan o‘yinlar soni va milliy jamoadagi ishtirokiga bog‘liq turli bonuslar ham nazarda tutilishi kutilmoqda.
Qayd etilishicha, "Liverpul" rahbariyati Ngumoani o‘z avlodining eng katta iqtidorlaridan biri deb hisoblamoqda.
Futbolchining amaldagi shartnomasi 2028 yil o‘rtalariga qadar mo‘ljallangan.













