"Tottenxem" darvozaboni Gulyelmo Vikario yaqin vaqt ichida Italiya chempionatiga qaytib, "Yuventus" safiga qo‘shiladi. Bu haqda taniqli insayder Fabrisio Romano ijtimoiy tarmoqlarda xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, 29 yoshli golkiper Turin klubiga ijara asosida o‘tadi. Klublar o‘rtasidagi kelishuvda futbolchini keyinchalik to‘liq sotib olish huquqi ham ko‘zda tutiladi.
Vikario 2023 yildan buyon "Tottenxem" sharafini himoya qilib kelmoqda. O‘tgan mavsumda u barcha musobaqalar doirasida 43 ta uchrashuvda maydonga tushdi va shularning 13 tasida darvozasini daxlsiz saqladi.
Avvalroq "Yuventus" "Aston Villa" va Argentina milliy jamoasi darvozaboni Emiliano Martinesni xarid qilish variantidan voz kechgani ma’lum bo‘lgan edi.













