«Manchester Yunayted» jamoa sardori Brunu Fernandesh bilan shartnomani uzaytirish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqda. Portugaliyalik yarimhimoyachining amaldagi kelishuvi keyingi yozda yakuniga yetadi va unda shartnomani yana bir yilga uzaytirish opsiyasi mavjud.
Insayder Fabrisio Romanoning xabar qilishicha, «qizil iblislar» may oyidayoq futbolchiga yangi taklif bilan chiqishgan va shundan beri muzokaralar to‘xtagani yo‘q. Yoz davomida «Galatasaroy» va boshqa Yevropa klublari Brununi o‘z safiga qo‘shib olishga urinib ko‘rishgan bo‘lsa-da, «Manchester Yunayted» o‘z yetakchisini saqlab qolishni maqsad qilgan. Sentyabr oyida Fernandesh 32 yoshni qarshi oladi.













