«Real» yangi futbolchilarini yopiq marosimlarda tanishtirish an’anasini davom ettirmoqda. Joriy yilda «Qirollik klubi» muxlislar ishtirokidagi katta taqdimot marosimlari va matbuot anjumanlarini o‘tkazmayapti. Avvalroq bunday qarorni klub prezidenti Florentino Peres shaxsan qabul qilgani xabar qilingandi. Yaqinda Joze Mourinyo ham yopiq marosimda rasman tanishtirilgan edi.
Navbatdagi yangi futbolchi — markaziy himoyachi Ibraima Konate ham klub tomonidan tanishtirildi. Marosimda Florentino Peres fransuz futbolchisiga 16-raqamli «Real» libosi va esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Konate «Real» bilan 2030 yilning 30 iyuniga qadar amal qiladigan to‘rt yillik shartnoma imzolagan. Bu ma’lumot Madrid klubi tomonidan ham rasman tasdiqlangan.
27 yoshli fransuz himoyachisi «Liverpul» bilan shartnomasi yakunlanganidan so‘ng «Real» safiga erkin agent maqomida kelib qo‘shildi. Konate mersisaydliklar sharafini besh mavsum davomida himoya qilgan.













