Madridning «Real» klubi bosh murabbiyi Joze Mourinyo klubdagi asosiy vazifasi va ishlash tamoyillari haqida fikr bildirdi.
«Men klubning ham buguniga, ham kelajagiga o‘z hissamni qo‘shmoqchiman. Albatta, g‘alaba qozonishni xohlayman. «Real Madrid» yana g‘alaba qozonishni boshlashini xohlayman, chunki bu klub uchun tabiiy holatdir. Biroq, birinchi marta kelganimdagidek, murabbiyning ishi faqat bugungi kun bilan cheklanmasligi, balki kelajakni ham tayyorlashdan iborat ekanini ko‘rsatmoqchiman.
Odamlar meni bu yerga qatiqqo‘l intizom o‘rnatish uchun kelgan deb o‘ylashadi. Yo‘q. Men bu yerga sog‘lom aql bilan keldim. Birinchi kundan boshlab futbolchilardan aynan sog‘lom aqlni talab qilyapman. Mashg‘ulotga kelish va ketish vaqti, trenajor zalidagi va maydondagi ishlar, taktik tahlil bilan yakka tartibda ishlash… Professionallik, kasbga va ayniqsa klubga bo‘lgan hurmat nuqtai nazaridan talab qiladigan hamma narsam — men uchun sog‘lom aqldir. Futbolchilar ham buni shunday qabul qilishyapti deb o‘ylayman.
Ispan tilida buni qanday aytishni bilmayman, ammo portugal tilida men uchun juda muhim bir jumla bor: biz «Real»da ishlashimiz kerak emas — biz «Real» uchun ishlashimiz kerak. Men uchun bu hammamiz har kuni qabul qilishimiz, tushunishimiz va amalga oshirishimiz kerak bo‘lgan prinsipdir. Men aynan mana shu narsani olib kirmoqchiman», — deydi Mourinyo klub rasmiy saytiga bergan intervyusida.
Eslatib o‘tamiz, Joze Mourinyo 18 avgust kuni «Real» bosh murabbiyi sifatida tanishtirilgan edi va uning klub bilan shartnomasi 2029 yilgacha mo‘ljallangan.













