"Aston Villa" bosh murabbiyi Unai Emeri hujumchi Olli Uotkins va darvozabon Emiliano Martinesning kelajagi haqida fikr bildirdi. Ispaniyalik mutaxassis har ikki futbolchining ham jamoani tark etishi ehtimolini istisno qilmadi.
Avvalroq Saudiya Arabistonining "Al-Hilol" klubi Uotkins uchun to‘rt marta taklif yuborgani, biroq birmingemliklar ularning barchasini rad etgani xabar qilingandi.
"U bilan bog‘liq vaziyat murakkab, bu aniq. U bizning futbolchimiz va men uni sotishni xohlamayman. Ammo agar bu uning o‘zi va klub uchun yaxshi variant bo‘lsa, men esa uning o‘rniga munosib futbolchi topa olsam, hammasi o‘zgarishi mumkin", — dedi Emeri The Independent nashriga.
Murabbiy transfer oynasi yopilishiga taxminan o‘n kun qolganini ta’kidlab, Uotkinsning kelajagi hozircha ochiqligicha qolayotganini aytdi.
Shuningdek, Emeri jamoaning argentinalik darvozaboni Emiliano Martines klubdan ketish istagini bildirganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 33 yoshli golkiper o‘tgan yili ham faoliyatida yangi chaqiriqni sinab ko‘rish imkoniyatini ko‘rib chiqqan.
"U bizga faoliyatida yangi chaqiriqni qabul qilish imkoniyati haqida aytdi. Bu hozir paydo bo‘lgan istak emas. O‘tgan yili ham imkoniyat tug‘ilsa, klubni almashtirish haqida o‘ylagandi. Ammo ketmadi va biz bilan ajoyib mavsum o‘tkazdi. Endi esa yana yangi chaqiriqni xohlayotganini bildirdi", — dedi Emeri.
"Aston Villa" yozgi transfer oynasida Dzion Sudzuki, Yoxan Manzambi, Joau Gomesh, Matteo Rudjeri, Alexandro Garnacho va Aaron Uan-Bissakani o‘z safiga qo‘shib oldi. Emeri klubning transfer bozoridagi ishlarini ijobiy baholadi.













