«Milan» klubi egalarining maslahatchisi va Shvesiya terma jamoasining sobiq hujumchisi Zlatan Ibrahimovich futbolchilik faoliyatini yakunlaganidan keyingi hayoti, maqsadlari va dunyoqarashi qanday o‘zgargani haqida gapirdi.
Undan futboldan keyingi hayoti, Jahon chempionati vaqtida Fox telekanalidagi faoliyati va hozir o‘zini baxtli his qilayotgani haqida so‘rashdi.
«Zlatanni kim ham sevmaydi? Zlatan — hamma uchun. Ha, men baxtliman. Hayotimdan mamnunman va undan zavq olyapman. Futbol o‘ynaydigan ikki nafar o‘g‘lim bor. Men ular orqali futbol bilan yashashga harakat qilaman, ammo hech qanday bosim o‘tkazmayman va ularni majburlamayman. Ular futbolni o‘zlari xohlagani uchun o‘ynashadi.
Mening asosiy maqsadim — atrofimdagi insonlarni baxtli qilish. Agar ular baxtli bo‘lsa, men ham baxtliman. Agar ularga nimadir bera olsam, albatta, buni qilaman.
Men shunchaki yaxshi ko‘rinish uchun biror ish qilmayman. Hozir aksariyat hollarda e’tibor markazidan chetda qolishni afzal ko‘raman.
Endi hamma gap kelajak avlod haqida. Ular — barcha narsaning yuzi. Agar ular uchun nimanidir o‘zgartira olsam, buni qilaman. Ammo bu — hozirgi Zlatan. Futbol o‘ynagan paytimda esa butunlay boshqacha Zlatan edim», — dedi Ibraximovich.













