«Tottenxem»ning «Liverpul» qanot hujumchisi Kodi Gakponi transfer qilish bo‘yicha harakatlari hozircha to‘xtab turibdi. Niderlandiyalik futbolchining ehtimoliy transferi «Liverpul»ning «PSJ» vingeri Bredli Barkolani xarid qilishiga bog‘liq.
Voetbal International jurnalisti Yost Blauvxof ma’lumotiga ko‘ra, ayni paytda «Liverpul» va «Tottenxem» o‘rtasida Gakpo transferi bo‘yicha faol muzokaralar olib borilmayapti.
«Liverpul» hujum chizig‘ida Gakponing o‘rnini bosadigan futbolchini topmasdan turib, uni qo‘yib yuborish variantini ko‘rib chiqmoqchi emas.
Vaziyat Bredli Barkola «PSJ»dan «Liverpul»ga o‘tsa, o‘zgarishi mumkin. Shunday holatda Gakponing «Tottenxem»ga transferi bo‘yicha yakuniy qarorni futbolchining o‘zi qabul qilishi aytilmoqda.
Mersisaydliklar hujum chizig‘ini kuchaytirish maqsadida Barkola transferi ustida ishlashda davom etmoqda. «Tottenxem» esa Gakpoga bo‘lgan qiziqishini saqlab qolgan.
Niderlandiya terma jamoasi futbolchisi London klubiga o‘tishga qarshi emas. Biroq transfer amalga oshishi uchun «Liverpul» avvalo Gakponing o‘rniga mo‘ljallangan Barkolani o‘z safiga qo‘shib olishi kerak.













