Italiya A Seriyasining 2026/2027-yilgi mavsumi 1-turidan o‘rin olgan «Jenoa» — «Napoli» uchrashuvi yakunlandi. Genuya shahridagi «Luiji Ferraris» stadionida o‘tgan bahsda neapolliklar 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvni Marko Di Bello boshqardi.
Bahsdagi ilk gol 82-daqiqada urildi. «Napoli» yarim himoyachisi Kevin De Bryoyne jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. Oradan besh daqiqa o‘tib, Antonio Vergara mehmonlarning ustunligini mustahkamladi.
O‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra, «Jenoa» 38 ta uchrashuvda 41 ochko to‘plab, A Seriya turnir jadvalida 16-o‘rinni egallagandi. «Napoli» esa 76 ochko bilan ikkinchi bo‘lgan. 87 ochko jamg‘argan Milanning «Inter» klubi 2025/2026-yilgi mavsumda Italiya chempioniga aylangandi.
Keyingi turda «Jenoa» 30-avgust kuni safarda «Lasio» bilan o‘ynaydi. «Napoli» esa shu kuni o‘z maydonida «Komo»ni qabul qiladi.













