«Liverpul» sardori Virjil van Deyk jamoaning yangi bosh murabbiyi Andoni Iraolaning ish uslubi haqida fikr bildirdi.
Ispaniyalik mutaxassis yoz boshida Arne Slot o‘rnini egallab, «qizillar» bosh murabbiyiga aylangandi.
«Iraola shiddatli futbol ko‘rishni istaydi. Juda ko‘p ishladik, ko‘plab mashg‘ulotlar va taktik darslar o‘tkazdik. Nazorat uchrashuvlari esa kam bo‘ldi. Umuman olganda, mavsumoldi tayyorgarlik jarayoni yaxshi o‘tdi.
Murabbiyning talabi juda aniq: kurashish, yugurish va nafaqat rasmiy o‘yinlarda, balki mashg‘ulotlarda ham g‘alaba qozonish kerak. Hech qachon to‘xtamaslik, shu bilan birga jarayondan zavq olish lozim», — dedi van Deyk Men in Blazers bilan suhbatda.
«Liverpul» Premyer-liganing 1-turi doirasida yakshanba kuni safarda «Nyukasl»ga qarshi maydonga tushadi.













